AT “Xalq banki”ning O‘zbekiston bank xizmatlari markazida ishlovchi mahalla bankiri mazkur markaz boshqaruvchisi o‘rinbosari bilan o‘zaro til biriktirib, 2 nafar fuqaro nomiga 66 mln so‘m kredit ajratib berish evaziga 10 mln so‘m talab qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda mahalla bankiri so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u kredit ajratib berish uchun muqaddam 600 ming so‘m, bank boshqaruvchisi o‘rinbosari esa 920 ming so‘m olganligi aniqlandi.
Shuningdek, “Xalq banki” O‘zbekiston BXM mansabdor shaxslari, O‘zbekiston tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 2 nafar hokim yordamchisi va ulgurji savdoga ixtisoslashgan MCHJ rahbari soxta hujjatlar asosida boshqa fuqarolar nomiga 153 mln so‘m miqdorida maqsadsiz kredit ajratilishiga erishib, ularni naqdlashtirib, talon-toroj qilgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
BXM boshqaruvchisi o‘rinbosari 2000 va 2015-yillarda Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi va 211-moddasi 1-qismi bilan sudlangan.