Markaziy bank boshqaruvi 24-apreldagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda MB matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu qaror inflyatsiya ko‘rsatkichlari va kutilmalarini barqaror pasayish trendiga qaytarishga va o‘rta muddatli istiqbolda 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasi o‘suvchi trendga o‘tib, mart oyida yillik 10,3 foizni tashkil etdi. Ayni paytda, bazaviy inflyatsiya ham tezlashishda davom etib, yillik 8,1 foizga yetdi. Bu, o‘z navbatida, narxlarga taklif omillari bilan bir qatorda talab omillari ham oshiruvchi taʼsir ko‘rsatayotganini aks ettirmoqda.
Yoqilg‘i va energiya taʼminoti yaxshilanishi hamda almashuv kursining nisbatan barqaror shakllanishi taʼsirida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mart oyida pasaygan bo‘lsa-da, joriy inflyatsiya ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada qolmoqda.
2024-yildagi energiya narxlari erkinlashtirilishining birlamchi taʼsiri II chorak yakunida tugab, umumiy inflyatsiya uchun pasaytiruvchi taʼsirga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, xalqaro savdo sharoitlarining yomonlashishi global isteʼmol narxlari bilan bir qatorda ishlab chiqarish xarajatlarining ortishi va tashqi inflyatsion bosimlarning kuchayishi xavfini oshirmoqda.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2025-yil yakuniga qadar umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichi 7-8 foizlik prognoz koridorining yuqori chegarasiga yaqin darajada shakllanishi kutilmoqda.
Birinchi chorakda yalpi isteʼmol va investitsion faollikning oshishi hisobiga iqtisodiy o‘sish 6,8 foizgacha tezlashdi. Transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining yuqori o‘sishi hamda kreditlash surʼatlarining tezlashishi ham yalpi talabni qo‘llab-quvvatlamoqda.
2025-yilda yuqori iqtisodiy faollik hisobiga yalpi ichki mahsulot o‘sishi tendensiyasi davom etib, yil yakunida 6 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Bunda xususiy investitsiyalar iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib, tovar va xizmatlar taklifining ortishiga xizmat qiladi.
2025-yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valyuta kurslarining mustahkamlanishi hamda so‘m almashuv kursining savdo hamkor davlatlar valyuta kurslariga nisbatan barqarorligi fonida real samarali almashuv kursi o‘zining o‘rta muddatli trendi doirasida shakllanmoqda.
Pul-kredit sharoitlari joriy qatʼiylik darajasining saqlab qolinishi kelgusida kreditlash hajmi o‘sishining moʻtadillashuvi va depozitlarning yuqori o‘sish surʼatlari davom etishini taʼminlab yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflyatsiyaga taʼsirini kamaytiruvchi xususiyatga ega bo‘ladi.
Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz, 14 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Markaziy bank tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli darajasigacha pasayishiga erishish maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qatʼiyligi taʼminlanadi.
May oyida kutilayotgan energiya narxlari erkinlashtirilishining navbatdagi bosqichi inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarga ikkilamchi taʼsirlaridan kelib chiqqan holda pul-kredit sharoitlari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2025-yil 12-iyun kuniga belgilangan.