Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Paragvay prezidenti Santyago Penya rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston bilan Paragvay o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yana-da mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston yetakchisi Paragvay rahbarini samimiy qutlar ekan, Lotin Amerikasi davlati Prezidenti tomonidan O‘zbekistonga ilk bor amalga oshirilayotgan ushbu tashrif tarixiy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Mazkur sammit ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishda yangi davrni boshlab berishi taʼkidlandi.
Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan, savdo-iqtisodiyot, madaniy-gumanitar, taʼlim va boshqa sohalarda kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
O‘zaro savdoni ko‘paytirish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati, raqamlashtirish, turizm hamda sport sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar siyosiy muloqotni yana-da rivojlantirish va o‘zaro manfaatli sohalarda amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini tasdiqladi.