9-aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi oʻz ishini yakunladi.
Assambleya doirasida 70 ga yaqin turli tadbirlar oʻtkazilib, ularda gender tenglik, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, fuqarolar salomatligini saqlash, ekologiya va iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
Oʻzbekiston prezidenti tomonidan Assambleyaning maxsus yalpi majlisidagi nutqida ilgari surilgan muhim tashabbuslar Parlamentlararo ittifoq aʼzolari tomonidan yuqori baholandi. Davlat rahbari Ukraina atrofidagi vaziyat boʻyicha boshlangan muzokaralar jarayoni ijobiy natija berishiga umid bildirdi hamda Falastin-Isroil nizosini hal etishning yagona va adolatli yoʻli “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyilini amalga oshirish ekanini taʼkidladi.
Afgʻonistonning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik muhimligi qayd etildi. Parlamentlarning ilgʻor tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va “yashil” texnologiyalarga oʻtishni ragʻbatlantirish, sunʼiy intellektdan foydalanish etikasi boʻyicha namunaviy qonun ishlab chiqish, kambagʻallikdan chiqish yoʻllarini izlash boʻyicha muhim vazifalari taʼkidlab oʻtildi.
Assambleyaning yakuniy yalpi majlisida Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi Prezidenti, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva soʻzga chiqib, barcha ishtirokchilarga chuqur minnatdorlik bildirdi. U oʻz nutqida mazkur anjuman nafaqat tarixiy sanani nishonlash bilan ahamiyatli boʻlganini, balki parlamentlararo hamkorlikning yangi davrini boshlab berganini qayd etdi.
Yakuniy yalpi majlisda Parlamentlararo ittifoqning Prezidenti Tuliya Ekson va Bosh kotibi Martin Chungong ham soʻzga chiqib, Assambleya dunyo parlamentlarini bir yuz elliginchi marta bir joyda toʻplagan tarixiy voqea sifatida oʻzining ahamiyatini namoyon etganini, Oʻzbekiston tomonidan barcha zarur shart-sharoitlar yaratilganini va tashkiliy ishlar yuqori darajada amalga oshirilganini alohida eʼtirof etdi.
Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yakunida Global parlament hamjamiyati ijtimoiy taraqqiyot va adolat yoʻlida parlament harakatlariga bagʻishlangan muhim hujjat – Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda ijtimoiy taraqqiyot borasidagi saʼy-harakatlarni yangilab borishga qaratilgan ishlar, mavjud va yuzaga kelayotgan masalalarga birgalikda yechim topish zaruriyati taʼkidlangan. Mazkur deklaratsiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasidagi nutqida ilgari surgan tashabbuslar qamrab olingan.
Shuningdek, Assambleyada ikkita muhim rezolyutsiya qabul qilindi: “Falastinda ikki davlatli yechimni ilgari surishda parlamentlarning roli” va “Barqaror rivojlanishga qarshi qurolli mojarolar taʼsirini yumshatish boʻyicha parlament strategiyalari”.