Prezidentning “Paxta xomashyosini yetishtirish va sotishda bozor mexanizmlarini qoʻllashni izchil davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga koʻra, 2025-yil paxta hosilidan Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi kalendar yilining 1-noyabr kunida (2025-yil hosili uchun 1-fevralda) paxta tolasining Nyu-York birjasidagi fyuchers kotirovkalarining oxirgi 6 oydagi oʻrtacha kotirovkasidan kelib chiqqan holda kelgusi yil hosili uchun paxta xomashyosining boshlangʻich narxini (birinchi nav, ikkinchi sinf) aniqlab, Birjaning rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.
Shuningdek:
- mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha paxta xomashyosi yetishtiruvchi xoʻjaliklar va klasterlar hamda paxta xomashyosini qayta ishlash va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega toʻqimachilik korxonalari oʻrtasida paxta xomashyosi yetkazib berish boʻyicha oldi-sotdi (fyuchers, forvard va spot) shartnomalari Birjaning paxta xomashyosi seksiyasida har bir hudud boʻyicha alohida oʻtkaziladigan savdolarda tuziladi;
- xoʻjaliklar hamda qayta ishlovchilar oʻrtasida tuziladigan shartnomalar tomonlarning erkin tanlovi asosida oʻtkaziladigan birja savdolari orqali xoʻjaliklar tomonidan yetkazib berish muddatlarini hamda bir yoki bir nechta xaridorni mustaqil ravishda tanlash orqali rasmiylashtiriladi.
Birjada barcha shartnomalar “Agroplatforma” axborot tizimi bilan integratsiya qilingan maʼlumotlar bazasida mavjud boʻlgan xoʻjaliklar va qayta ishlovchilar oʻrtasida tuziladi.