Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha bog‘cha tarbiyalanuvchilari salomatligida o‘zgarish bo‘lganligi sababli 24-sentabr kuni tibbiyot birlashmalarining yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilgan. Bu haqda MMTV matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga “Oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi” tashxisi qo‘yilgan.
Zaruriy muolajalar amalga oshirilgan hamda shu kunning o‘zida aksariyat bolalarning sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berib yuborilgan. Og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan.
Mazkur vaziyat vazirlik tomonidan nazoratga olinib, SES hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda o‘rganish ishlari boshlangan.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan. Bog‘chalarga shu kuni olib kelingan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.
Tibbiy yordamga murojaat qilgan bemorlardan olingan tahlillar hamda iste‘mol qilingan oziq-ovqatlar namunalari tegishli laboratoriyalarda tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Qayd etilgan holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda.