O‘zbekistonda rasmiy dilerlar va servis markazlari soni keskin oshganligi bois 2-sentabrdan avtomobillarni Piskent avtopoligonida sinovdan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, mamlakatda 2024-yilgacha faqatgina 3 ta dilerlik markazlari faoliyat yuritgan. Ular atiga 15 ta avtomodel uchun turini ma‘qullash hujjatini olgan.
Hozirgi kunda 21 ta xorijiy kompaniyalarning rasmiy dilerlari o‘z faoliyatini boshladi va 100 dan ortiq avtomobil rusumlariga turini ma‘qullash hujjatlari rasmiylashtirildi.
"Ma‘lumot o‘rnida, yurtimizga import qilinayotgan avtomobillarning sifati va xavfsizligini ta‘minlash doimiy nazorat qilinib, amaldagi talablarga ko‘ra nomuvofiqliklar aniqlanganda, iste‘molchilardan e‘tirozlar kelib tushganda ushbu avtomobillarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi ta‘minlanadi", deyiladi xabarda.