Yirik miqdordagi firibgarlik uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi

Ushbu shaxs Yevropa mamlakatlari hududida yashiringan

Firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxs Polshadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekistondagi Interpolning Milliy markaziy byurosi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu shaxs Yevropa mamlakatlari hududida yashiringan, shu sababli tezkor-qidiruv tadbirlari davomida u Polsha hududida aniqlangan va qo‘lga olingan.

Toshkent va Varshava Interpol MMBning birgalikdagi harakatlari natijasida qidiruvdagi shaxs aniqlanib, qo‘lga olingan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgandan so‘ng, Interpol xodimlari hamrohligida va O‘zbekistonning Polshadagi diplomatik vakolatxonasi vakillari ko‘magida jinoyatchi O‘zbekistonga olib kelindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling