Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayonning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Abu-Dabi shahrida bo‘lib turibdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun, 14-yanvar kuni davlat rahbari "Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi" xalqaro sammitining ochilish marosimida hamda barqaror rivojlanish sohasida Shayx Zoid nomidagi mukofotni topshirish marosimida ishtirok etdi.
Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi - bu 2008 yilda BAA hukumati va "Masdar" kompaniyasi tomonidan barqaror rivojlanish sohasidagi global muammolarni hal etish uchun tashkil etilgan xalqaro platformadir. Forumning maqsadi jahonda barqaror taraqqiyotni jadallashtirish, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik rivojlanishga ko‘maklashish, oziq-ovqat va suv xavfsizligini ta’minlash, energiya tejamkorligi va karbonsizlantirishni ilgari surishdan iborat.
Bu galgi sammit kun tartibiga "yashil" iqtisodiyot sohasida barqaror taraqqiyotni ta’minlash, innovatsiyalar va yangi texnologiyalarni joriy etish, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari kiritilgan.
Forum doirasida Amirliklar asoschisi – marhum Shayx Zoid Ol Nahayon nomi bilan ataluvchi barqaror rivojlanish sohasidagi yutuqlar uchun mukofot bilan taqdirlash marosimi ham o‘tkaziladi. Bu galgi mukofotning "Global o‘rta maktablar" nominatsiyasida Toshkent shahridagi Prezident maktabi g‘olib deb topildi.
Mukofotni Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon topshirdi.
Shavkat Mirziyoyev maktab vakillari bilan uchrashib, ularni g‘alaba bilan qizg‘in tabrikladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling