Oʻzbekistonda Prezident olimpiadasi tashkil etiladi

Olimpiya qoʻmitasining hududiy boʻlimlarini tashkil etish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida olimpiya va paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Prezident olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish, seleksiya tizimini takomillashtirish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Los-Anjelesdagi yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish maqsadida Olimpiya qoʻmitasining hududiy boʻlimlarini tashkil etish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

Milliy Olimpiya qoʻmitasiga Prezident rahbar boʻlganidek, hududiy boʻlimlarga viloyat hokimlari boshchilik qiladi.

Hokimlar har bir federatsiya bilan ishlab, olimpiya sikli uchun maxsus strategiyasini ishlab chiqadi va Milliy olimpiya qoʻmitasi huzurida himoya qiladi.

Barcha sport federatsiyalari rahbarlari va viloyat hokimlari amalga oshirayotgan ishlari va erishgan natijalari haqida har oyda Olimpiya qoʻmitasida hisobot beradi.

Sportchilarni kelgusi Olimpiadaga tayyorlash uchun zarur sharoit va infratuzilmaga 300 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.

Bu yilning oʻzida kamida 10 nafardan sportchi va murabbiylarni eng nufuzli xorijiy sport akademiyalarida oʻqitish muhimligi taʼkidlandi.

Yilda ikki marta hududlarda olimpiya sport turlari boʻyicha “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqalarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi. Tuman va viloyat sovrindorlarini hokimlar ragʻbatlantirib boradi.

Viloyat bosqichi gʻoliblari har yili 10-20-dekabr kunlari Olimpiya shaharchasida oʻtkaziladigan Prezident olimpiadasida ishtirok etadi.

Musobaqa gʻoliblari uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi. Birinchi va ikkinchi oʻrinni olgan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi.

Bunda 1-2 kurs oʻquvchilariga stipendiya toʻlash yoʻlga qoʻyiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling