Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Pedagogika yo‘nalishidagi OTMlarning talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi taʼsis etiladi

Shavkat Mirziyoyev taʼlim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-sentyabr kuni taʼlim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va intilishini yuzaga chiqarish bo‘yicha ham yagona vertikal tizim joriy etiladi. Shu maqsadda “Barkamol avlod” bolalar maktabi, Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi hamda “Ëshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati negizida “Kelajak” markazlari tashkil etiladi. O‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinadi.

Bog‘chalarda ishlayotgan o‘rta maxsus maʼlumotli mutaxassislar uchun dual taʼlim va malaka oshirish tizimi joriy etiladi.

Maktabgacha taʼlim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda xususiy sektor ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, bog‘cha va maktablarning bo‘sh maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim tashkiloti qurishga ruxsat etiladi. 

Tadbirkorlarga faoliyatni o‘zgartirmaslik sharti bilan yer uchastkalari bepul beriladi hamda 7 yilgacha bo‘lgan imtiyozli kredit ajratiladi.

2026-2028-yillarda respublikaning 14 ta hududida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi.

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida 14 ta hududda muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Ushbu maktablarga bolalar imtihon asosida saralab olinadi va Davlat byudjeti hisobidan o‘qitiladi. 

Ularda “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik taʼlim dasturi joriy qilinadi. O‘quv jarayoni 5 yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi.

2026-yildan boshlab, har yili umumtaʼlim maktablari o‘rtasida Prezident sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkaziladi.

Shuningdek, tabiiy fanlarni o‘qitishni yaxshilash maqsadida barcha hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilinadi. Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab bu yo‘nalishda tayanch maktab sifatida xizmat qiladi.

Toshkent shahrida N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, “ToshTech” texnika universiteti hamda Olmaliq davlat texnika instituti ochiladi.

Joriy o‘quv yilidan boshlab, pedagogika yo‘nalishidagi oliy taʼlim muassasalarining talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi taʼsis etilmoqda. Stipendiya bakalavriatning 3-4-kurslari uchun bo‘ladi, yoshlarni o‘qish va ilmiy izlanishlarga undaydi.

Yig‘ilishda fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar taqdimot qilindi.

Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimida ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tartiblari takomillashtiriladi. Jumladan, doktoranturaga ajratilayotgan kvotalar mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib belgilanadi.

Fanlar akademiyasining respublikada istiqbolli ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirish, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy ishlanma natijalarini amaliyotga tatbiq etishdagi o‘rni kuchaytiriladi.

Davlat rahbari bildirilgan takliflarni maʼqullab, tegishli hujjatlarni imzoladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling