O‘zbekiston hududlari AQSHning Virjiniya, Michigan va Kaliforniya shtatlari bilan hamkorlik qilishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev AQSH Kongressi Vakillar palatasi a‘zolari Bill Xayzenga, Kerol Miller va Sidni Kamlager-Davni qabul qildi. 

Shavkat Mirziyoyev Vashingtonga tashrif doirasida 5-noyabr kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasi a‘zolari Bill Xayzenga, Kerol Miller va Sidni Kamlager-Davni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash, ikki mamlakat parlamentlarining amaliy hamkorligini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanib borayotgani, AQSH Kongressida O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus samarali faoliyat olib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Har yili Vakillar palatasida kokus ko‘magida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilayotgan O‘zbekiston kunlari o‘tkazib kelinmoqda.

Kongress oliy darajada erishilgan, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga doir kelishuvlarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishi muhim ekani ta‘kidlandi.

Hududlararo aloqalarni kengaytirish, kongressmenlar vakillik qilayotgan G‘arbiy Virjiniya, Michigan va Kaliforniya shtatlari bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida e‘tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida AQSH Kongressi vakillarining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish, shuningdek, ikki mamlakat hududlari rahbarlari boshchiligidagi ishbilarmon doiralar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling