Prezident Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi Yangi Kamolon mahallasida bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi Kamolon mahallasida 4 600 nafardan ziyod aholi yashaydi. 60 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida mahalla yoshlari ish bilan band. Bu yil hunarmandlar maskani, dala mahsulotlari va qandolatchilik do‘konlari, novvoyxona tashkil etildi, xususiy tibbiyot punkti ochildi. Natijada mahalla ishsizlikdan xoli hududga aylandi.
Shu yerda Shayxontohur tumani “Islohotlar shtabi” faoliyati to‘g‘risida axborot berildi.
“Shayxontohurda hunarmandchilik azaldan bo‘lgan. Bugun ham tumanda odamlarni ish bilan, daromad bilan taʼminlashda bu katta manba. Shuning uchun Shayxontohur misolida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar rejasini qabul qilamiz” - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Aholi xavfsizligini taʼminlash, jinoyatlarning oldini olish maqsadida mahalla inspektori xonasida situatsion markaz tashkil etilgan. Unga ko‘p qavatli uylarning yo‘laklaridagi kuzatuv kameralari va ichki ishlar tizimining xavfsizlik dasturlari bog‘langan. Bu yil mahallada bironta ham jinoyat bo‘lmagan.
“Yangi Kamolon” boshqaruv servis kompaniyasi mahalladagi 21 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Ustalar va maxsus texnikalar doim shay holatda. Hisob-kitoblarda billing tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu yil markaziy issiqlik quvurlari izolyatsiya qilindi, elektr tarmoqlari va uylarning yo‘laklari taʼmirlandi. Ayrim uylarga yangi liftlar o‘rnatildi.
Davlat rahbari kelgusida boshqaruv servis kompaniyasi binolarini ko‘p qavatli qilib qurib, yoshlar uchun kasb-hunar o‘quvlari, maishiy xizmat shoxobchalarini joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu yerdagidek kichik kutubxonalarni boshqa mahallalarda ham tashkil etish muhimligi taʼkidlandi. Mahalla ayvonida aholi bilan samimiy suhbat bo‘ldi.
“So‘nggi yillarda ko‘p korxonalar ochildi, iqtisodiyot o‘syapti. Shu bilan birga, yoshlarimiz ham yetishib kelyapti. Ularning taʼlim-tarbiyasi, sog‘ligi, ish o‘rinlarini hozirdan o‘ylashimiz kerak. Shuning uchun bu yil Toshkent shahriga 8 milliard dollar investitsiya olib kelyapmiz. Buning hisobidan Shayxontohurda ham yangi-yangi ish joylari, taʼlim maskanlari, infratuzilma inshootlari bo‘ladi”, - dedi prezident.