Shavkat Mirziyoyev yoshlarning turli sohalardagi loyihalari, kashfiyot va yutuqlari bilan tanishdi

Mutasaddilarga ixtirochi yoshlarni tegishli vazirliklarga biriktirib, loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.        

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markaziga tashrif buyurib, yoshlarning turli sohalardagi loyihalari, kashfiyot va yutuqlari bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kongress markaziga kiraverishda yoshlarning turli sohalardagi loyihalari, kashfiyot va yutuqlari taqdimot qilindi. Masalan, “Yosh innovatorlar” ko‘rgazmasida muhandislik, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, uchuvchisiz qurilmalar namoyish etilgan. “Yashil” tashabbuslar” maydonchasida ekologiya, muqobil energetika, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarga oid ishlanmalar ko‘rsatilgan. 

“Kreativ loyihalar” bo‘limidan hunarmandlik, dizayn, tasviriy sanʼat, video va prodyuserlik faoliyatidagi yutuqlar o‘rin olgan. “Yoshlar tadbirkorligi va startaplar” maydonchasida ushbu yo‘nalishdagi muvaffaqiyatli loyihalar haqida maʼlumot berilgan.

Jumladan, toshkentlik Rustam Hamdamovning “Billz” dasturi kichik va o‘rta biznesni avtomatlashtirishga yordam beradi. Hozirgacha bu loyihaga Buyuk Britaniya, Singapur, Turkiya ishbilarmonlari 6 million 600 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritgan.

Qoraqalpog‘istonlik yosh fermer Sherzod Niyazimbetov organik pomidorlar yetishtirib, quyoshda quritib va qadoqlab, Italiya hamda Fransiya kabi davlatlarga eksport qilmoqda. Uning korxonasida 200 nafarga yaqin xodim ishlamoqda.

Prezident qarori bilan tashkil etilgan Yoshlar akademiyasi bugungi kunda 7 mingdan ziyod yosh olimlarni birlashtirgan. Ko‘rgazmada ular uchun keng o‘rin ajratilgan. Toshkentlik Sayfullo Qodirov ekin maydonlarini raqamli xaritalash va yuqoridan dori sepish imkonini beruvchi dronlar yasagan.

Olimlar orasida “Raqamli avlod qizlari” tanlovi g‘olibalari ko‘pligi ham diqqatga sazovor. Xorazmlik Lobar Abdullayeva onkologik kasalliklarga sunʼiy intellekt orqali tashxis qo‘yishga mo‘ljallangan “AI Scan” dasturini ishlab chiqqan. Qoraqalpog‘istonlik Qumara Sagidullayeva quyosh energiyasida yuruvchi kichik traktor, toshkentlik Abdulloh Jamoliddinov bog‘ni avtomatik sug‘orish tizimini ixtiro qilgan.

Davlat rahbari mazkur taqdimotlar bilan tanishib, ularning tashabbuskorlari bilan muloqot qildi.

“Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat, mamlakatimiz kelajagiga tayanch. Bugun farzandlarimiz zamonaviy yo‘nalishlarni egallab, ancha ilgarilab ketyapti. Ularni qo‘llab-quvvatlasak, sifatli taʼlim berib, sharoit yaratsak, bundan ham katta natijalarga erishadi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga ixtirochi yoshlarni tegishli vazirliklarga biriktirib, loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.        

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling