Hukumat qarori bilan “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga bir martalik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Nizom jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga bir martalik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi. Nafaqa tayinlash uchun murojaat qilish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va nafaqalarni tayinlash “E-probatsiya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Ariza beruvchi jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilingan kundan boshlab 1 oy ichida tuman (shahar) probatsiya bo‘limlari (vakolatli organ) ga shaxsan murojaat qiladi. Vakolatli organ 1 ish kunida ariza beruvchini nafaqa tayinlangani va nafaqani olish uchun murojaat qilinishi lozim bo‘lgan tijorat banki to‘g‘risida xabardor qiladi.
Nafaqa oluvchi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar yoki jazoni o‘tab bo‘lganlik yoxud jazodan ozod qilinganlik haqidagi maʼlumotnoma asosida, 1 oy muddatda tijorat bankining istalgan filialiga murojaat qilishi mumkin.