Qatarda jinoiy javobgarlikka tortilgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi

U nopok ish beruvchining yolg‘onlardan iborat arizasi asosida bir necha moddalarni buzganlikda aybdor deb topilgan

O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari ko‘magida Doha shahrida qiyin ahvolda qolgan fuqaro oilasi bag‘riga qaytdi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

2024-yil may oyida Qatarga ishlash maqsadida borgan X.N. nopok ish beruvchining yolg‘onlardan iborat arizasi asosida Qatar qonunchiligining bir necha moddalarini buzganlikda aybdor deb topilgani va hibsga olingani bois amaliy yordam so‘rab elchixonaga murojaat qilgan.

Maʼlum bo‘lishicha, u 2024-yilda Doha shahriga go‘zallik salonida ishlash maqsadida kelgan. 2024-yil avgust oyida hamyurtimiz ish beruvchining turli sabablarni ro‘kach qilib, go‘zallik saloni hududini tark etish talabidan keyin vaqtincha yashash uchun mehmonxonaga joylashadi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay mahalliy politsiya xodimlari yurtdoshimizni qochoq va o‘g‘rilikda gumon qilib qo‘lga oladi.

Qiyin vaziyatda qolgan fuqaroning haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston diplomatlari tomonidan unga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi, vaqtincha turar joy va oziq-ovqat bilan taʼminlandi.

Surishtiruvlar davomida vatandoshimizga ish beruvchi tomonidan tuhmat qilingani, kafil ruxsatisiz qochgani va o‘g‘irlikni sodir etgani sababli 1 yillik jazo muddatini o‘tamaguncha Qatar hududini tark eta olmasligi maʼlum bo‘ldi.

Qatar huquqni muhofaza qiluvchi va tegishli organlari bilan olib borilgan muzokaralar va sud eshituvlari jarayonlarida diplomatlar ishtiroki taʼminlandi. 8 oy davomida olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida 1 yil muddatga jazoni ijro etishga hukm qilingan X.N. sud zalidan aybsiz deb topilib ozod qilindi. Shuningdek, unga Qatar hududini tark etish bo‘yicha qo‘yilgan barcha taqiqlar olib tashlandi.

5 mart kuni diplomatlar ko‘magida fuqaro “Doha-Toshkent” yo‘nalishidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi orqali O‘zbekistonga qaytarildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling