Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish tartibga solinadi

Hukumat tomonidan qishloq xoʻjaligi sugʻurtalovchisi sifatida Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi tashkil etiladi.

“Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qonun qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqarishda quyidagi bir yoki bir necha tavakkalchiliklar boʻyicha qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomalarini tuzadi:

  • tabiiy va texnogen ofatlar;
  • yongʻin;
  • oʻsimliklarning zararkunandalar va kasalliklardan zararlanishi;
  • qishloq xoʻjaligi hayvonlarining yuqumli kasalliklari tarqalishi va zaharlanishi;
  • yovvoyi hayvonlar tomonidan ekinlarning payhon qilinishi yoki qishloq xoʻjaligi hayvonlariga zarar yetkazilishi;
  • uchinchi shaxslarning xatti-harakatlari.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi ushbu sohada muvofiqlashtiruvchi davlat organidir. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sugʻurta mukofotlarining bir qismini hamda yetkazilgan zararning sugʻurta mukofotlari va qayta sugʻurta qilish mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilinmagan qismini qoplash uchun byudjet subsidiyalari ajratish orqali amalga oshiriladi.

Hukumat tomonidan qishloq xoʻjaligi sugʻurtalovchisi sifatida Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi tashkil etiladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling