Avvalroq Istanbulda 14 yanvar kuni 6 nafar O‘zbekiston fuqarosi qalbaki alkogoldan zaharlanib vafot etgani haqida xabar berilgandi. Istanbul shahridagi Bosh konsulxona holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 15-yanvar kuni esa 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi zaharlanish oqibatida vafot etgan.
Shuningdek, 16-yanvar kuni Turkiya hududida qalbaki spirtli ichimlik iste’moli oqibatida yana 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi (barchasi erkak) vafot etdi.
Bundan tashqari, 17-yanvar holatiga ko‘ra, zaharlanish oqibatida vafot etgan fuqarolarning umumiy soni 14 nafarni tashkil qilmoqda.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 17-yanvar holatida qalbaki spirtli ichimlik iste’moli tashxisi bilan Turkiya bo‘ylab kasallanganlar soni 88 nafarni tashkil etib, shundan 37 nafari vafot etgan. Ushbu qurbonlar orasida mahalliy aholi vakillari va boshqa millat vakillari ham mavjud.
Istanbul hokimligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, mahalliy huquq-tartibot idoralari 16-yanvar kuni Istanbul shahrida 32 862 litr noqonuniy metil va etil spirtli ichimliklarni musodara qilgan.
Jami 9 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Tekshiruvlar chog‘ida 227 shisha soxta ichimlik va distillash uskunasi ham topilgan. Qo‘lga olinganlardan 3 nafari polisiyadagi so‘roqlardan so‘ng qo‘yib yuborilgan bo‘lsa, 6 nafarining tergovi davom etmoqda.
Bosh konsulxona diplomatlari Istanbul shahridagi shifoxonalarning jonlantirish bo‘limlarida qalbaki spirtli ichimlikdan zaharlanish oqibatida davolanayotgan fuqarolarning holidan xabar oldi. Ularning 3 nafarining ahvoli og‘ir.