Foto: Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi
Ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan 2022-yilda 45 300 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, huquqbuzarlarga jami 40,0 mlrd.soʻm maʼmuriy jarima va tabiatga yetkazilgan zarar summalari hisoblandi. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʻyicha inspeksiya boshligʻi Adham Qurbonov maʼlum qildi.
1409 ta holat boʻyicha 5,8 mlrd soʻm jarima va tabiatga yetkazilgan zararlarni undirish va qonuniy chora koʻrish yuzasidan materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga kiritildi. 36 ta holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Huquqbuzarlardan 300 dan ortiq hayvonot dunyosi obyektlari, 6 442 kg dorivor, texnik va ozuqabop oʻsimliklar, 2 433 kg baliq mahsulotlari, 550 dan ziyod inventarlar belgilangan tartibda olib qoʻyilgan.
446 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlarda 379 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 437,8 mln.soʻm jarima summasi qoʻllanilgan. Atrof-muhitni ifloslantirganligi uchun 50,2 mlrd soʻm qoʻshimcha kompensatsiya toʻlovlari hisoblandi.
“Ekologik talablarga rioya etmagan 24 ta korxona faoliyati sud qarori bilan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha toʻxtatildi. Tekshiruv natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga 1 797 ta majburiy koʻrsatma va tavsiyalar berilib, profilaktika ishlari olib borildi”, — dedi Adham Qurbonov.
Hududlarda noqonuniy tarzda daraxt va butalarni kesish bilan bogʻliq 4 673 ta xuquqbuzarlik holatlari aniqlanib, 7 mlrd soʻmdan ziyod jarima hamda 10 mlrd soʻmdan ziyod tabiatga yetkazilgan zarar hisoblandi. Bu koʻrsatkichlarning aksariyat qismi, asosan Qoraqalpogʻiston, Toshkent, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand hamda Toshkent viloyatlari hisobiga toʻgʻri kelmoqda.
Endilikda 2023-yildan davlat ekologik nazoratini amalga oshirishda jamoatchilik nazorati joriy etilib, uning ragʻbatlantirish mexanizmi ham ishga tushiriladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling