Taʼlim sohasida poraxo‘rlik holati aniqlandi, deb xabar berdi DXX.
Nukusdagi maktabi o‘qituvchisi direktor o‘rinbosarining topshirig‘iga asosan, kasbiy sertifikat olish bo‘yicha sinovlaridan o‘tkazib berish evaziga Chimboy tumanida ishlovchi hamkasbidan 1000 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, direktor o‘rinbosari 100 nafardan ortiq o‘qituvchilarni davlat attestatsiyasidan o‘tkazib berish evaziga har biridan 1000-1500 dollar miqdorida pul olib, bu haqida o‘zining shaxsiy bloknotlari va qog‘ozlarda aks ettirib kelganligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, ushbu noqonuniy ishga Qoraqalpog‘iston Respublikasi MMTVning Pedagoglarni bilim va malakasini baholashni tashkil etish shoʻbasi bosh metodisti ham aloqadorligi aniqlanib, u o‘qituvchilardan davlat attestatsiyasidan o‘tkazishga yordam berish evaziga yig‘ilgan 10 450 dollarni ixtiyoriy ravishda topshirdi.
Shu bilan birga, o‘qituvchilarni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazmasdan, test jarayoniga uyali aloqa vositalari bilan kirishlariga sharoit yaratib bergan Milliy gvardiya xodimining ham o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashganligi maʼlum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, ular pora tariqasida olingan pullarni o‘zaro taqsimlagan.
Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.