Samarqand va Andijonda fuqarolarni xorijga ishga yuborishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Xorijiy davlatlarga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament.

Taʼkidlanishicha, Qo‘shrabot tumanida “A.” MCHJ rahbari M.J. 8 kishini aldab, ularni Angliyaga ishga yuborishini aytgan.

Ulardan jami 12 ming dollarni qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan.

Shuningdek, Andijon viloyatida fuqaro J.A. fuqaro X.A.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida Germaniyaga ishga yuborishni vaʼda qilgan.

Buning evaziga 1300 dollarni olgan vaqtida ushlangan. 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling