Toshkent shahrida 1-sentabrdan 15, 28 va 61-sonli avtobus yo‘nalishlari harakatiga qisman o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda poytaxt transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, bunda avtobus yo‘nalishlarida yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta‘minlash va yo‘nalishlarni maqbullashtirish maqsad qilingan.
Shu bois, endilikda 15-sonli avtobus yo‘nalishi Qo‘yliq 1-mavzesidan Do‘stlik metrosi tomon harakatlanishda endilikda Qo‘yliq ko‘prik osti yo‘lidan ko‘prik yo‘liga qo‘shimcha yo‘l bo‘lagi orqali (Vodiy avtoturargohigacha bormagan holda) harakatlanadi.
28-sonli avtobus yo‘nalishi Tibbiyot akademiyasidan Yangiobod mavzesi tomon harakatlanishda Shoximardon, Ohangaron yo‘li, Shoxsanam va Katta Yangiobod ko‘chalari orqali harakatlanadi. Yo‘nalish Katta Yangiobod ko‘chasida bir tomonlama harakatlanadi.
61-sonli avtobus yo‘nalishi ikki tomonlama Izzat ko‘chasi orqali (Beshariq, Aviasozlar va Hosiyat ko‘chalariga kirmagan holda) harakatlanadi.