Bolalar ombudsmaniga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida yashovchi fuqaro E.A.(ayol) ning murojaati kelib tushdi. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabar berdi.
Murojaatda ayol uning qizi D.R.ning 2010-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qiz farzandi borligi, bir necha yil avval qizi D.R. Qozog‘iston fuqarosiga turmushga chiqqani, nevarasi Beruniy tumanida tug‘ilib, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa-da, unga onasi Qozog‘istonda ham tug‘ilish haqida guvohnoma rasmiylashtirganini bildirgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida qizi 2024-yil avgust oyida vafot etib, hozirda voyaga yetmagan nevarasi E.M. Qozog‘istonda ota-ona qaramog‘isiz qolganini ma‘lum qilib, nevarasini O‘zbekistonga qaytarishda amaliy yordam so‘ragan.
Qator tashkilotlar hamkorligida voyaga yetmagan E.M.ning O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilib, qizning hujjatlari rasmiylashtirilishida ko‘mak ko‘rsatildi.
Ko‘rilgan hamkorlik choralari natijasida kuni kecha, 12-mayda voyaga yetmagan qiz xolasi Sh.R. hamrohligida O‘zbekistonga olib kelinib, buvisi E.A qaramog‘iga topshirildi.
Hozirda buvining nevarasiga nisbatan vasiyligi rasmiylashtirilish jarayonida.