Toshkent shahrida quyma oltinga o‘xshatib tayyorlangan metallarni 70 ming dollarga sotayotgan shaxslar ushlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament.
Maʼlum qilinishicha, fuqarolar X.U. va A.D. o‘zaro til biriktirib, umumiy og‘irligi 2,06 kg bo‘lgan oddiy metallga tilla rangini berish orqali quyma oltinga o‘xshatib tayyorlangan (“999,9” asllik belgisi tamg‘asi muhrlangan) metallarni fuqarolar M.S va R.L.ga 70 ming dollarga sotishga kelishib, ushbu pullar hisobidan 35 dollar olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.