Bolgariya prezidentini rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi

O‘zbekiston yetakchisi oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi.

10-iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Bolgariya prezidenti Rumen Radevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Qarorgoh oldidagi maydonda ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekiston yetakchisi oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi.

Davlat madhiyalari yangradi. Harbiy orkestr sadolari ostida yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini qutladi.

Birgalikda suratga tushishdan so‘ng davlat rahbarlarining delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari boshlandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling