Senatning 10-yalpi majlisida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Kattaqo‘rg‘on shahri Samarqand viloyatining geografik nuqtai nazardan shimoliy-g‘arbida joylashgan bo‘lib, bugungi kunda shahar aholisi soni qariyb 95 ming kishini, umumiy yer maydoni 4,4 ming gektarni tashkil etadi.
Shahar aholisining o‘sish surʼati oxirgi 5 yilda har yili o‘rtacha 1,1 ming kishini tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tmagan 4 mingga yaqin aholi va talabalar istiqomat qilmoqda.
Aholi zichligi 1 kvadrat kilometr maydonga 9,5 kishiga to‘g‘ri kelib, Samarqand viloyati bo‘yicha aholisi eng zich joylashgan hudud hisoblanadi.
Shu bois Senat qarori loyihasida quyidagi chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda.
Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahar hududini kengaytirish maqsadida unga chegaradosh bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on tumanidan 1,9 ming gektar va Nurobod tumanidan 971 gektar, jami 2,9 ming gektar yer maydonini shahar tarkibiga o‘tkazish, shuningdek, Nurobod tumanining Kattaqo‘rg‘on tumani bilan chegaradosh bo‘lgan hududlaridan 600 gektar yer maydonini Kattaqo‘rg‘on tumaniga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Chegara hududining kengayishi hisobiga Kattaqo‘rg‘on shahar aholisi soni 2030-yilga borib 150 ming kishidan oshishi mumkin.
Shahar hududining kengayishi natijasida Kattaqo‘rg‘on o‘rta shaharlar toifasidan katta shaharlar toifasiga o‘tkazilib, shahar aholisi uchun kulay sharoitlar yaratish, xususan, yangi infratuzilma obyektlari hamda ko‘p qavatli turar-joy komplekslari barpo etish, urbanizatsiya jarayonlarini tezlashtirish imkoni yaratiladi.
Xususan, 50 gektar maydonda “Urgut” erkin iqtisodiy sanoat zonasi filiali, shuningdek, 30 gektarda 3 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Muhokama so‘nggida mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.