O‘zbekistonda Shaxsiy harakatlanish vositalari va velosipedlar operatorlari uyushmasi – mikromobillik va velosiped infratuzilmasi kompaniyalarini birlashtiruvchi notijorat sohaviy platforma ta‘sis etildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uyushma bozor ishtirokchilarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yagona qoidalarni ishlab chiqish, davlat organlari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, barqaror shahar transporti sohasida tajriba almashish va innovatsiyalarni joriy etish maqsadida tashkil etilgan.
Uyushma faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- bozor ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda davlat bilan muloqotda ularning nuqtai nazarini ifodalash;
- xavfsizlik va xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha tarmoq standartlarini ishlab chiqish va joriy etish;
- tegishli vazirliklar va mahalliy hokimiyatlar bilan hamkorlikni muvofiqlashtirish;
- innovatsiyalar va texnologik modernizatsiyani qo‘llab-quvvatlash, ma‘lumotlar va tajriba almashish;
- bozorni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, kasbiy tadbirlarni tashkil etish.