Sankt-Peterburgda qarovsiz qolgan olti nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi

O‘zbekistondan kelgan ishchi guruh 10 kun davomida barcha kerakli hujjatlarni yig‘di.

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ota-ona qaramog‘isiz qolgan olti nafar voyaga yetmagan bolalar O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

O‘zbekistondan kelgan ishchi guruh 10 kun davomida barcha kerakli hujjatlarni yig‘di. Ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar Sankt-Peterburgdagi voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy reabilitatsiya markazlari va bolalar uchun “Tranzit” ijtimoiy boshpanasiga yetkazildi.

Voyaga yetmagan bolalardan biri uch yildan beri onasidan ayro tarzda, otasi bilan yashab kelgan. Otasi uni onasidan noqonuniy ravishda olib qo‘ygan. Bolaning oilasi uning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan ijtimoiy noqulay muhitni boshdan kechirgan.

Bosh konsulxona xodimlari va mutasaddi tashkilotlar xodimlari bolaning yashash joyida bo‘lib, voyaga yetmagan hamyurtimizni O‘zbekistonga qaytarish choralarini ko‘rdi.

O‘zbekiston Bosh konsulxona tomonidan Rossiya hududlarida qarovsiz qolgan olti nafar bolaning Vatanga qaytishi uchun tegishli guvohnomalar rasmiylashtirildi. Diplomatlar bolalarni Sankt-Peterburg-Toshkent aviareysi bilan O‘zbekistonga kuzatib qo‘ydi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling