Hokim yordamchisi, muhandis va qishloq xo‘jaligi masʼuliga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi DXX.
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi MFYdan biridagi hokim yordamchisi 1996-y.t. fuqaroning ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari orqali tuman hokimligi zaxirasidagi 2,5 gektar sug‘oriladigan yerni 30 yilga ijaraga olib berish evaziga 29 mln so‘m talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim yordamchisi so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u ushbu pul mablag‘ini “O‘zdaverloyiha” ilmiy loyihalash institutining “Survilerloyiha” bo‘linmasi muhandisi hamda Sariosiyo tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi shoʻba boshlig‘iga berishi kerakligi maʼlum bo‘ldi.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, muhandis va shoʻba boshlig‘i ushbu pulni olgan vaqtlarida qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.