Sariosiyoda “To‘palang-Qoratog‘” irrigatsiya tizimlari boshqarmasi suv nazoratchisi A.N. To‘palang daryosi “Amu-Surxon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli daryo va kanal muhofazasiga tegishli 32 sotix yer maydonini fuqaro S.X.ga 73,5 ming dollarga sotishga kelishib, shundan 70 ming dollar va 39 mln so‘m pulni olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, Namangan viloyatida fuqaro N.Sh. (muqaddam sudlangan) 60 ming dollar evaziga otasi nomidagi fermer xo‘jaligining 25 sotix yer maydonini yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro N.Yu.ning nomiga hujjatlarini rasmiylashtirib berishini aytib, kelishilgan puldan 30 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Shu bilan birga, Xatirchi tumanida fuqaro A.Q. otasi A.Q. rahbarligidagi “Ch.O.” fermer xo‘jaligiga ijara shartnomasi asosida ajratilgan 18,7 gektar yer maydonini fuqaro M.X.ga 200 mln so‘mga sotishga kelishib, shundan 190 mln so‘mni olgan vaqtida ushlangan.
Bundan tashqari, Mirzacho‘l tumanida fuqaro D.E. (muqaddam sudlangan) fuqaro J.Ye.ga o‘zini fermer xo‘jaligi rahbari deb tanishtirib, uning ishonchiga kirib, “A.” MCHJga qarashli bo‘lgan “Mirzacho‘l” SIU hududidagi 13 gektar yer maydonini go‘yoki o‘ziga tegishli ekanligini aytib, ushbu yer maydonini unga dehqonchilik qilish uchun 100 mln so‘mga sotishga kelishib, shundan 56,2 mln so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.