Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tafsilotlar

Toshkent va Samarqand viloyatlarida "Kelajak metallari texnoparki" tashkil etilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Shavkat Mirziyoyev 15-oktyabr kuni Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Podshohlikning investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, “ACWA Power”, “Al Muhaidib Group”, “Vision Invest”, “Data Volt”, “Riyadh Cables”, “AlMajdiah”, “InterHealth”, “Saudi Tabreed”, “AlBawani Holding”, “Miahona”, “Pemco” va boshqa yetakchi kompaniya va korporatsiyalari ishtirok etdi.

Bugun ikki mamlakat o‘rtasidagi loyiha – yangi Toshkent xalqaro aeroportining qurilishiga tamal toshi qo‘yilishi alohida taʼkidlandi.

Bugungi kunda "ACWA Power" kompaniyasi tomonidan mamlakatda 15 milliard dollarlik loyihalar, jumladan, hududlarda shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, “yashil” vodorodni rivojlantirish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Bunday loyihalarda o‘zimizning ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlaridan keng foydalanish sanoat salohiyati rivojlanishiga xizmat qiladi.

Axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi. "Data Volt" kompaniyasi Toshkent shahrida zamonaviy maʼlumotlar markazini tashkil etish loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Yangi Toshkent va Buxoroda shunday markazlar qurilishini, shuningdek, Saudiya Arabistoni kompaniyalarining raqamli tashabbuslardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.

O‘zbekiston volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, titan va boshqa strategik muhim foydali qazilmalarning katta zaxiralariga ega. 

Toshkent va Samarqand viloyatlarida "Kelajak metallari texnoparki" tashkil etilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Shu munosabat bilan mamlakat yetakchisi saudiyalik investorlarni geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va xomashyoni qazib olishdan tortib, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlardagi loyihalarda faol ishtirok etishga taklif etdi.

Infratuzilma sohasida “Miahona” kompaniyasi bilan Farg‘ona va Jizzax shaharlarida oqova suvlarni tozalash, Qoraqalpog‘istonda suv taʼminoti tizimlarini rivojlantirish va nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish loyihalari bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilinayotgani qayd etildi.

Shuningdek, "Saudi Tabreed" kompaniyasi bilan kommunal sohani rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling