Sirdaryoda sizot qudug‘iga uni tozalash uchun tushgan shaxslar vafot etdi

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani, “Do‘stlik” MFYda yashovchi 67 yoshli B.J. yashash xonadonidagi sizot suvlarini saqlovchi quduqni tozalash maqsadida tushib, quduqda hosil bo‘lgan zaharli gazdan nafas olishi oqibatida vafot etgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, B.J.ni qutqarish maqsadida quduqqa tushgan 39 yoshli farzandi B.J. va qo‘shnisi 46 yoshli K.A. ham gazdan zaharlanish oqibatida vafot etgan.

Ularni qutqarish maqsadida ushbu quduqqa tushgan 25 yoshli D.N. va 49 yoshli Q.N. ham zaharli gazdan nafas olishi oqibatida sog‘ligi yomonlashib, hushini yo‘qotgan.

Sayxunobod tuman FVB xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan yordami natijasida fuqaro B.J., B.J., Q.A. larning murdasi hamda zaharli gazdan hushini yo‘qotgan D.N. va Q.N.lar quduqdan olib chiqilgan.

Ko‘rsatilgan tibbiy yordam natijasida D.N. va Q.N.lar hayoti saqlab qolingan va tuman tibbiyot birlashmasiga joylashtirilgan.

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling