Senatning 10-yalpi majlisida talabalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziriga parlament so‘rovi yubor yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
2024-yilda OTMlar talabalari ishtirokida 761 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2025-yilning 6 oyi davomida 102 ta OTMning 307 ta talabasi tomonidan jinoyat sodir etilgan.
Xususan, jinoyatlarning asosiy qismini yo‘l-transport hodisalari, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish, bezorilik, firibgarlik kabi jinoyatlari tashkil etgan.
Hududlar kesimida jinoyatlarning aksariyati Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Namangan, Andijon, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
OTMlar kesimida esa jinoyatlarning ko‘pchilik qismi Toshkent davlat transport universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ayrim oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonini muntazam nazorat qilish, talabalarning dars mashg‘ulotlariga qatnashini yetarli darajada monitoring qilinmaganligi oqibatida talabalar tomonidan dars vaqtida, yaʼni soat 08:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davr mobaynida jinoyatlar sodir etilgan.
Talabalarning yotoqxonalarga kirib-chiqishi, yashashi hamda tungi vaqtda bo‘lishi ustidan nazorat yetarli darajada emas.
Bundan tashqari, sohada faoliyat yuritayotgan shaxslarga nisbatan korrupsiya holatlari bo‘yicha qator jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Muhokama yakunida Senatning tegishli parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.