Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakilini qabul qildi

Kelgusi hafta Vashington shahrida “C5+1” formatidagi sammitni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida Serjio Gor O‘zbekiston yetakchisiga AQSH prezidenti Donald Trampning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.

Jadal siyosiy muloqot, turli darajalardagi almashinuvlar va faol ishbilarmonlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, oktabr oyi boshida AQSH Savdo palatasi delegatsiyasining tashrifi muvaffaqiyatli o‘tdi.

Qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida sanoat, moliya, muhim minerallar, energetika, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish dolzarbligi ta‘kidlandi.

Tomonlar xavfsizlik, terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohalarida sheriklikni mustahkamlash masalalarini ham muhokama qildilar.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Bo‘lajak tadbirlar rejasi, shu jumladan kelgusi hafta Vashington shahrida “C5+1” formatidagi sammitni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling