Andijon viloyatining Shahrixon tumanida suyultirilgan gaz taʼminotidagi qonunbuzilish holatlarini aniqlash boʻyicha reyd tadbirlari oʻtkazildi. Bu haqda “Hududgaztaʼminot” AJ xabar berdi.
“Shahrixontumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi chilangari J. X. oʻziga biriktirilgan maxsus avtomashinani oʻzboshimchalik bilan boshqargan holda, suyultirilgan gazni tuman gaz boʻlimida qorovul vazifasida ishlovchi A. T. bilan birgalikda tarqatish jarayonida belgilangan yoʻnalishdan chetga chiqib, Nurafshon koʻchasidagi noturar bino hududiga olib kirib tushirayotgan vaqtida toʻxtatib qolingan.
Mazkur binoda jami 155 dona maishiy gaz balonlari yongʻin xavfsizligi qoidalariga zid ravishda noqonuniy saqlab kelinayotgani aniqlandi.
Shuningdek, 1 dona elektron tarozi, avtomobillarga propan gaz oʻtkazish uchun maxsus moslashtirilgan 2 dona rezina shlanglar va ogʻir qoldiqni toʻkib olib saqlash uchun moʻljallangan 10 dona plastmassa idishlar borligi maʼlum boʻldi.
Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.