Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimi pora bilan ushlandi, deb xabar berdi DXX.
Maʼlum qilinishicha, hokimlikning qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha bo‘limi bosh mutaxassisi qurilish sohasida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbarining ishonchiga kirib, unga “Tokchilik” MFY hududida maktab binosini barpo etish uchun ajratilgan 1,7 gektar yerdp 8 ta ko‘p qavatli uylar qurilishiga ruxsat olib berishni vaʼda qilgan.
Bosh mutaxassis buning evaziga 30 ming dollari talab qiladi. 5-iyul kuni bosh mutaxassis so‘ralgan puldan 10 ming dollarni olib, tuman hokimiga beradi.
8-iyul kuni esa tadbirkordan qolgan 20 ming dollarni ham oladi va unga ko‘p qavatli uy qurish uchun hokim tomonidan ruxsat berilgan hujjatlarni taqdim etadi.
So‘ngra bosh mutaxassis hokimiyat binosi oldida tuman rahbari bilan uchrashib, 10 ming dollarni bergan vaqtida ushlandi.
Hozirda tuman hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.