Ayrim shifokorlarning oylik lavozim maoshlari 20 foizga oshiriladi

Markaziy shifoxonalarning tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun KPI asosida maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama joriy etiladi.

Prezident farmoni bilan, tajriba-sinov loyihasi doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlari bazaviy tarif stavkalariga quyidagi miqdorlarda qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi:

  • sayyor tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot xodimlariga oylik lavozim maoshi yoki bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida;
  • tibbiyot brigadasiga belgilangan meʼyorlardan 10 foiz ortiqcha qo‘shimcha biriktirilgan aholining har biri uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 0,3 foizi miqdorida – shaharlarda, 0,5 foizi miqdorida – tumanlarda;
  • oila salomatligi bo‘yicha maxsus o‘quv dasturi asosida tashkil etiladigan kurslarning barcha bosqichlarini muvaffaqiyatli tugatgan tibbiyot xodimlari uchun sertifikatga muvofiq bazaviy tarif stavkasining 100 foizi miqdorida.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida shifokorlarning oylik lavozim maoshlari – 20 foiz, o‘rta tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari – 10 foiz miqdorida oshiriladi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) markaziy shifoxonalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) asosida oylik lavozim maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama joriy etiladi.

Farmonga ko‘ra, tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari va tibbiyot muassasalarida:

  • rahbarlar uchun tibbiyotni boshqarish (menejerlik) bo‘yicha o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yiladi;
  • o‘quv dasturi yakuni bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan rahbarlarga oylik lavozim maoshining 100 foizi, rahbar o‘rinbosariga – 80 foizi hamda bosh hamshiraga – 50 foizi miqdorida ustama to‘lanadi;
  • rahbar xodimlar uchun faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) belgilanadi hamda oylik lavozim maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama joriy etiladi;
  • 1 yil davomida faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlarida (KPI) ijobiy (56 foizdan yuqori) natijalarga erishmagan rahbar xodimlar lavozimidan ozod qilinadi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida hududiy darajadagi tibbiyot muassasalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ro‘yxatga muvofiq tashkiliy, boshqaruv va moliyaviy jihatdan birlashtirilib ko‘p tarmoqli shifoxonalarga aylantiriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling