“Oilaviy shifokorlar 1,5 ming dollar, hamshiralar esa 600-800 dollar oylik oladigan tizim qilamiz” - prezident

Poliklinikalarda oilaviy shifokorning bazaviy oyligi 500 dollar, hamshiraniki 300 dollar bo‘ladi

Prezident raisligida tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini va ixtisoslashgan muassasalarda xizmatlar sifatini yana-da oshirish, dori vositalari isteʼmolini tartibga solish hamda tibbiy taʼlimni takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Endilikda tibbiyot brigadasi hamda unga biriktirilgan aholi o‘rtasida huquq va majburiyatlarni belgilovchi ikki tomonlama shartnoma tuziladi. Aholi oilaviy shifokorni erkin tanlaydi, bu jarayonlarga xususiy oilaviy shifokorlar ham jalb etiladi. Tibbiy yordamning kafolatlangan paketi tasdiqlanadi va paket doirasida tibbiy xizmat va dori vositalari to‘liq byudjetdan qoplanadi.

Shuningdek, poliklinikada akusher-ginekologlar 2 barobar ko‘payadi. Har 3 ming bola uchun 1 tadan pediatr shtati yangidan qo‘shiladi. Bundan buyon birlamchi bo‘g‘inda yarim yoki 0,25 stavka bo‘lmaydi. Barcha shifokor va hamshiralar faqat to‘liq stavkada ishlaydi.

Umuman, tumandagi mahalla va oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar faoliyati maqbullashtirilib, 12 mingdan ko‘p odamga xizmat qiladigan 7 ta yirik poliklinika, qolgan 27 tasi kichik poliklinika sifatida qaytadan tashkil qilinadi. Tumandagi markaziy poliklinika esa tuman shifoxonasining maslahat-diagnostika bo‘limiga aylantiriladi. Barcha tor soha mutaxassislari shu yerda ishlaydi.

Bu poliklinikalarda oilaviy shifokorning bazaviy oyligi 500 dollar, hamshiraniki 300 dollar bo‘ladi. Oilaviy shifokor va hamshira malaka sertifikati olsa, yana shuncha ustama to‘lanadi.

Agar ular mahallada yurib, surunkali kasali borlarga vaqt ajratsa, ularni kasallik bilan yashash va uni boshqarishga o‘rgatsa, onkologik, diabet, insult, infarkt kabi kasalliklarni erta aniqlab, og‘ir asoratlarning oldini olsa, bularning hisobiga tez yordam va statsionarga murojaatni qisqartirsa, shifokorga yana 500 dollar, hamshiraga esa qo‘shimcha 300 dollar beriladi.

“Bir so‘z bilan aytganda, oilaviy shifokorlar 1,5 ming dollar, hamshiralar esa 600-800 dollar oylik oladigan tizim qilamiz. Bu orqali biz shunchaki oylikni emas – inson qadrini oshirgan bo‘lamiz. Lekin, natija ham shunga yarasha bo‘lishi kerak”, - dedi prezident.

Endi mahallada bitta bo‘lsa ham infarkt, insult, onalar va bolalar erta o‘limi, surunkali kasallik tufayli orttirilgan nogironlik favqulodda holat deb qabul qilinishi lozimligi qayd etildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling