Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Shavkat Mirziyoyev og‘ir toifadagi Sho‘rariq mahallasini borib ko‘rdi

Mutasaddilarga mahallani namunaga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida davlat rahbari Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga kirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mahallada ichki yo‘llar taʼmirtalab, ko‘cha chiroqlari va lotoklar yo‘q. Bu yerda 5 mingdan ziyod aholi yashaydi. 62 ta kambag‘al oila, 118 nafar ishsiz bor, 157 odam migratsiyada.

Aslida, tumanlararo yo‘l bo‘yida joylashgan mahallada tadbirkorlik, savdo va xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha imkoniyat ko‘p. Bo‘sh turgan binolarni DXSH asosida quvvatga kiritish mumkin.

Prezident hududdagi muammolar bo‘yicha aholi fikrlarini eshitdi.

"Endi bu mahallani tubdan o‘zgartirib, “Yangi O‘zbekiston” nafasini olib kiramiz. Ko‘chalar obod qilinib, qiyofasi yangilanadi. Odamlarning yashashi, sayr qilib, bolalari bilan dam olishi uchun munosib sharoitlar bo‘ladi", – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga mahallani namunaga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Jumladan, unga shahar muhitini olib kirish va tadbirkorlik uchun sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha master-reja ishlab chiqiladi. U asosida joylar tayyor loyiha va infratuzilma bilan tashabbuskorlarga taklif etiladi. Natijada mahallaning salohiyati oshib, atrofdagi 5 ta mahalla uchun markazga aylanadi.

Zamonaviy mahalla guzari va sayilgoh barpo etiladi, bolalar va sport maydonchalari, kutubxona, kasb va til o‘rgatish markazi, bank shoxobchasi tashkil qilinadi. Maktab va bog‘chalar davlat investitsiya dasturi doirasida kapital taʼmirlanadi. Ko‘chalar asfaltlanib, manzarali va mevali daraxtlar, gul ko‘chatlari ekiladi. Eskirgan va hosildorligi past bog‘lar to‘liq yangilanadi. Ijtimoiy shartnoma asosida odamlar o‘z uylarini tartibga keltiradi.

Umuman, butun mamlakatda quyi tizimda ishlarni “jonlantirish” bo‘yicha qaror ishlab chiqilayotgani aytildi. Tuman va mahallalarga yangicha qiyofa olib kirish uchun byudjetdan jami 5 trln so‘m ajratiladi. Jumladan, Namanganda Kosonsoy va Norin tumanlariga 100 mlrd so‘mdan, qolgan tumanlarning ikkitadan “og‘ir” mahallasiga esa 5 mlrd so‘mdan yo‘naltirilib, ularni mehnatda namunali, hayoti farovon, tadbirkorlikda yetakchi hududga aylantirish choralari ko‘riladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling