Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Prezident sun‘iy intellekt texnologiyalarini davlat idoralariga tatbiq etishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev taqdim etilgan chora-tadbir va loyihalarni qo‘llab-quvvatladi. 

Shavkat Mirziyoyev IT-parkka tashrif chog‘ida sun‘iy intellekt texnologiyalarini mamlakatimiz vazirlik va idoralari faoliyatiga hamda boshqa sohalarga keng tatbiq etishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun‘iy intellekt yechimlarini joriy etish, samarador tajribalarni keng qo‘llash masalalariga alohida e‘tibor qaratildi. 

Sun‘iy intellektni tez va barqaror rivojlantirish uchun xorijiy va mahalliy tajribalarni doimiy tahlil qilish, sohada faoliyat yuritayotgan yoshlar, xalqaro ekspertlar hamda xususiy sektor bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta‘kidlandi.

Mazkur yo‘nalish rivojining eng muhim omili malakali kadrlar tayyorlash ekanligi qayd etildi. Kadrlar tayyorlashni jadallashtirish maqsadida bir qator innovatsion dasturlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, “Universitet – sanoat – xalqaro hamkorlik” sun‘iy intellekt klasteri loyihasi taqdimot qilindi. Ushbu tashabbus doirasida o‘quvchilarda sun‘iy intellekt savodxonligini oshirish, pedagog kadrlarning malakasini yuksaltirish, sohaviy darsliklarni ishlab chiqish va sanoat uchun zamonaviy mutaxassislar tayyorlash ishlari belgilangan.

Shuningdek, taqdim etilgan “AI Maktab” platformasi esa yoshlarni raqamli ko‘nikmalar hamda zamonaviy kasblarga o‘rgatishga qaratilgan. Platforma orqali ishtirokchilar virtual yordamchi, raqamli marketolog, AI-kontent yaratuvchi, biznes-analitik kabi o‘nlab yo‘nalishlarda masofaviy ta‘lim oladi.

Prezident ushbu tajribani kengaytirish, muhim sohalar rivojiga yoshlarning ilmiy salohiyatini jalb etish muhimligini ta‘kidladi.

Shuningdek, sun‘iy intellekt bo‘yicha ilmiy-o‘quv laboratoriyalarini tashkil etishdan kutilayotgan natijalarga e‘tibor qaratildi. Tijorat banklarida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi. Yaqin istiqbolda bunday ilmiy tadqiqot va amaliy loyihalarni oliy ta‘lim muassasalarida keng yo‘lga qo‘yish zarurligi ta‘kidlandi.

Davlat rahbari sun‘iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan iqtidorli yoshlarimizning “PromptLab”, “Detecting-AI.com” va “KotibAI” kabi innovatsion loyihalari bilan ham tanishdi.

Bu kabi dastur va ilovalar kichik jamoalardan tortib, yirik kompaniyalargacha ish samaradorligini oshirish, daromad manbalarini kengaytirish va intellektual mehnatni yengillashtirishda katta imkoniyat yaratmoqda. 

Bugungi kunda ushbu mahalliy ishlanmalar moliya muassasalari, qurilish sohasi hamda ijodiy jamoalar faoliyatida qo‘llanilayotgani qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev taqdim etilgan chora-tadbir va loyihalarni qo‘llab-quvvatladi. Sun‘iy intellektni joriy etish jarayonlarini yana-da jadallashtirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar berdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling