O‘zbekistonda maktab taʼlimi uchun sunʼiy intellektga asoslangan platforma joriy etiladi

Kelgusi o‘quv yilidan maktab, texnikum va oliygohlarda o‘quvchi va talabalarga sunʼiy intellektni o‘qitish boshlanadi.

Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni sog‘liqni saqlash, taʼlim, transport va kosmos sohalarida sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentimiz sunʼiy intellekt yordamidagi diagnostikani ishlatish mumkin bo‘lgan kasalliklar turini yana-da kengaytirish zarurligini qayd etdi.

Shu munosabat bilan xorijiy hamkorlar bilan birgalikda respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida jigar, o‘pka va prostata bezi saratoni, infarkt va murakkab suyak sinishlarini diagnostika qilishda tibbiy suratlarni sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Kelgusi o‘quv yilidan maktab, texnikum va oliygohlarda o‘quvchi va talabalarga sunʼiy intellektni o‘qitish boshlanadi. Buning uchun informatika o‘qituvchilari tayyorlanmoqda. Lekin faqat ularni emas, butun maktab jamoasini sunʼiy intellektdan foydalanishga o‘rgatib, o‘qituvchilarning yuklamasini kamaytirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Shunda o‘qituvchida o‘z ustida ishlashga ko‘proq vaqt qoladi, deya taʼkidlandi yig‘ilishda.

Taqdimotda bu boradagi yangi yondashuvlar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, maktab taʼlimi uchun sunʼiy intellektga asoslangan platformani joriy qilish taklif qilindi. Bunda o‘qituvchining virtual yordamchisi ishlab chiqiladi va platformaga integratsiya qilinadi. Ushbu yechim o‘qituvchilarga mavzuga doir maʼruza matnlari, taqdimotlar, testlar, dars rejalarini tuzish, imtihon jarayonlarini nazorat qilishda ko‘maklashadi.

Yig‘ilishda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt bo‘yicha maslahatchilarining malakasini oshirish dasturi haqida axborot berildi.

Transport sohasida ham sunʼiy intellekt loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, sunʼiy intellekt yordamida yo‘llardagi qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlash, vagonlar texnik holatini monitoring qilish orqali temir yo‘lda avariyalar xavfini kamaytirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi.

Bundan tashqari, kosmik texnologiyalar bo‘yicha yangi tashabbuslar ishlab chiqilgan. “Samarqand-2028” sunʼiy yo‘ldoshini ishlab chiqish ishlarining borishi ko‘rib chiqildi. Yerni masofaviy zondlashga mo‘ljallangan mazkur yo‘ldosh uchun sunʼiy intellekt moduli ishlab chiqiladi. Yo‘ldosh olgan suratlarni havo sifatini birlamchi baholash, qishloq xo‘jaligi ekinlari va o‘rmonlarni monitoring qilishda qo‘llash mumkin bo‘ladi.

Taqdimot yakunida davlat rahbari ko‘rib chiqilgan loyihalar ijrosini jadallashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada foydalanishni kengaytirish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling