Farg‘onada 381 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari aniqlandi

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda

Farg‘ona viloyatida 381,6 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalarini muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fuqarolar M.K., K.M., A.A., va M.Sh. kelib chiqishi hamda sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan umumiy bahosi 381,6 mln so‘mlik jami 2 400 quti (24 ming dona flakon) “AMPISUL” nomli dori vositasini Dang‘ara tumanida o‘tkazish maqsadida olib ketayotganliklari aniqlanib, ushbu dori vositalari ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling