Toshkentdagi maktablardan birida sil kasalligi aniqlandi

Aniqlangan kamchiliklarlar yuzasidan maktab direktoriga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi umumtaʼlim maktablaridan birida sil kasalligi aniqlangani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati izoh berdi.

Aniqlanishicha, Shayxontohur tumanidagi 59-sonli umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi M.S. 2024-yilning 26-dekabrida Toshkent shahar 3-son ftiziatriya dispanseriga murojaat qilgan.

Bemorning opasi M.D.ning soʻzlariga koʻra, singlisi M.S. soʻnggi oylarda tez-tez betob boʻlgan. Davolanish uchun faqat xususiy klinikaga murojaat qilgan. Oxirgi marta LOR-shifokor koʻrigidan keyin 3-son ftiziatriya dispanseriga yuborilgan.

Dispanserda oʻtkazilgan rentgenografiya tekshiruvi natijasida unga “Oʻng oʻpka yuqori boʻlagi yalligʻlangan sili, yemirilish davri, BK +” tashxisi qoʻyilgan va bemor darhol Toshkent shahar bolalar sil kasalliklari shifoxonasiga yotqizilgan.

M.S. bilan uyda muloqotda boʻlgan 6 kishi (2 nafari 6 yoshgacha bolalar) 2024-yil 27-dekabrda 3-son ftiziatriya dispanserida rentgen tekshiruvidan oʻtkazilgan va ularda faol sil kasalligi aniqlanmagan.

Shuningdek, M.S. bilan muloqotda boʻlgan va kasallik yuqtirish xavfi mavjud 59-sonli umumtaʼlim maktabi va bemor qoʻshimcha darsga qatnagan xususiy oʻquv maktabi oʻquvchilari va oʻqituvchilari Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasi nazorati ostida 3-son ftiziatriya dispanserida rentgenografiya va diaskin test tekshiruvlaridan oʻtkazilgan.

Tekshiruvlar davomida 1 nafar oʻquvchi (2008-yilda tugʻilgan A.A., bemor M.S.ning yaqin dugonasi)da “Oʻng oʻpka yuqori boʻlagi oʻchoqli sili” BK abs aniqlanib, u shifoxonaga yotqizilgan.

Shuningdek, 3 nafar oʻquvchi — A.A., R.M. va E.D. va 1 nafar oʻqituvchi B.U.larda kasallikka moyillik aniqlangani sababli profilaktik davo muolajalari boshlangan.

Aniqlangan kamchiliklarlar yuzasidan Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan 59-sonli umumtaʼlim maktabi direktoriga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Bugungi kunda 59-sonli umumtaʼlim maktabida davlat dasturi asosida kapital rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani sababli ushbu taʼlim muassasasining boshlangʻich sinf oʻquvchilari 115-umumtaʼlim maktabida, yuqori sinf oʻquvchilari esa tumandagi 82-sonli umumtaʼlim maktabida oʻqishni davom ettirmoqda.

21-yanvarda 82-sonli umumtaʼlim maktabida tegishli zararsizlantirish va dimlash tadbirlari takroriy olib borildi. 22-yanvar kuni esa yalpi tozalash va shamollatish tadbirlari oʻtkazildi.

Shuningdek, 115-sonli umumtaʼlim maktabida ham 23-yanvar kuni tegishli zararsizlantirish va dimlash tadbirlari takroriy tashkil etildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling