Sirdaryoda noqonuniy baliq ovlash natijasida tabiatga katta zarar yetkazildi

Barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.

19–20-aprel kunlari Sirdaryo daryosida noqonuniy baliq ovlash holatlariga qarshi maxsus nazorat tadbirlari amalga oshirildi, deb xabar berdi Ekologiya vazirligi.

Tadbir davomida daryodan umumiy uzunligi 1000 metrga yaqin boʻlgan, noqonuniy tarzda oʻrnatilgan 20 ga yaqin leskali toʻrlar yigʻib olindi.

Ushbu toʻrlar belgilangan tartibda yoʻq qilinadi. Shuningdek, elektr qarmoqdan foydalangan holda baliq ovlagan 2 nafar huquqbuzar qoʻlga olindi. Ulardan ashyoviy dalil sifatida 1 dona alyuminiy qayiq, motor, 2 dona akkumulyator, elektr qarmoq va tegishli ov qurollari, shuningdek, turli xildagi 21 dona baliq daliliy ashyo sifatida olib qoʻyildi.

Huquqbuzarlik natijasida tabiatga jami 368 million 437 ming 500 soʻm zarar yetkazilgan.

Barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling