Shavkat Mirziyoyev Sloveniya prezidenti bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tafsilotlar

Sloveniyaning “Koper” porti salohiyatidan Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun logistika xabi sifatida foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Lyublyana shahridagi Prezident saroyida prezident Shavkat Mirziyoyev va Sloveniya prezidenti Natasha Pirs Musarning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va uning hajmini, eng avvalo, mahsulotlar turini kengaytirish va import o‘rnini bosish hisobiga birinchi bosqichda 500 million yevroga yetkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘zbekistondan to‘qimachilik, meva-sabzavotlar, mineral o‘g‘itlar, mis mahsulotlari va boshqa sanoat tovarlari, Sloveniyadan esa dori-darmonlar, ilg‘or texnologiyalar va uskunalar yetkazib berish shular jumlasidan.

Sloveniyaning “Koper” porti salohiyatidan Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun logistika xabi sifatida foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Sloveniyaning yetakchi kompaniyalari bilan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish, shuningdek, zamonaviy asbob-uskunalar, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, farmatsevtika mahsulotlari, shu jumladan asal va shifobaxsh giyohlarga asoslangan dori ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, energetika obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlik qilish uchun til, kasbiy ko‘nikmalar va mehnat standartlari bo‘yicha o‘qitish va moslashtirish dasturlarini ishlab chiqqan holda Uyushgan mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashga kelishib olindi.

Turizmni, ayniqsa, qishloq va tog‘li hududlarda rivojlantirish istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi. Taʼlim sohasida tomonlar diplomlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni imzolashga hamda Lyublyana va Maribor universitetlari bilan qo‘shma taʼlim dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.

Bundan tashqari, kelgusi yilda Toshkent shahrida ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlari ishtirokida Yoshlarning innovatsion loyihalari forumi o‘tkaziladi.

Gumanitar almashinuvni mustahkamlash maqsadida tomonlar o‘zaro madaniyat kunlari va Lyublyana shahrida O‘zbek kinosi haftaligini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdilar.

Belgilangan barcha vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini joriy yil iyul oyida Lyublyana shahrida tashkil etishga qaror qilindi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musarga o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling