Farg‘onada Soliq ilovasi orqali 3,2 mlrd so‘m keshbek talon-toroj qilindi

Bir guruh shaxslar soxta elektron hisob-fakturalar va xarid cheklari orqali Soliq ilovasidan noqonuniy keshbek olish sxemasini yo‘lga qo‘ygan.

Farg‘ona viloyatida bir guruh shaxslar tomonidan Soliq ilovasi orqali 3,2 mlrd so‘mni keshbek sifatida talon-toroj qildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Fuqarolar M.X., M.X., va K.I. Telegram‘da turli nomdagi guruhlar tashkil etgan.

Mazkur guruhlar orqali 7 ta MCHJlarga tegishli xarid cheklari uchun jismoniy shaxslarga 1 foizli va ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxslarga 12 foizli keshbek summasini onlayn tarzda sotish bilan shug‘ullanib kelgan.

Mazkur 7 ta MCHJlar tomonidan hech qanday moliyaviy aloqalar amalga oshirilmagan bo‘lsa-da, go‘yoki 3,3 trln so‘mlik mahsulotlar va xizmatlar xarid qilinganligi haqida soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirgan.

So‘ng go‘yoki savdodan tushgan pullarni onlayn nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotganligi haqida xarid cheklarini chiqarib 211 584 nafar fuqaroga Soliq ilovasi orqali keshbek sifatida 28,5 mlrd so‘m hisoblanib, shundan 3,2 mlrd so‘mi to‘lab berilib, byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling