Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.
Qonun hujjatlariga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, soliq munosabatlarida foydalaniladigan elektron hujjatlarni shaxsning roziligini ifodalaydigan va uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan elektron tasdiqlash usullari orqali tasdiqlash elektron raqamli imzoga tenglashtirildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligida, shu jumladan baliqchilik xo‘jaliklarida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hisobotlari "Suv hisobi" axborot tizimi va ushbu sohadagi vakolatli organlarning maʼlumotlari asosida avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ortiqcha undirilgan soliq summasini soliq to‘lovchining boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlari hisobidan hisobga olish tartibi yana-da soddalashtirildi.
Unga ko‘ra, boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlar uchun hisobga olish soliq to‘lovchining yozma yoki elektron arizasiga ko‘ra soliq organlari tomonidan 3 kun ichida amalga oshirilishi belgilandi.
Qonun bilan kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, “Mahalla servis” kompaniyalari tomonidan mahallalarni obod qilish bilan bog‘liq ishlarni bajarish va aholiga qonunchilikda belgilangan ayrim ijtimoiy pulli xizmatlar ko‘rsatishdan olingan mablag‘lar soliq solishda hisobga olinmaydigan daromadlarga kiritildi.
Shuningdek, mazkur xizmatlarni ko‘rsatishga mo‘ljallangan binolar joylashgan yer uchastkalari yer solig‘i solish obyekti hisoblanmasligi belgilandi. Quyidagi daromad turlariga soliq solinmasligi ko‘zda tutildi:
- Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan fuqarolarning, shuningdek ular xotini (eri)ning daromadlari;
- “Mahalla servis” kompaniyalari xodimlarining faoliyati natijasida olingan, ularning soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi tarzidagi daromadlari.
Bundan tashqari, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov va Toshkent viloyatining Ohangaron tumanlarida tashkil etilgan charm-poyabzal sanoat zonalarini boshqarish direksiyalari mol-mulk, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lashdan 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha ozod etilishi ko‘rsatildi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.