Soliq idoralarining ayrim mansabdor shaxslari “Barqarorlik reytingi” dasturidagi maʼlumotlarni soxtalashtirish orqali 18 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarga baholarni sunʼiy ravishda qo‘shish hamda xavf darajasini olib tashlashlari oqibatida jami 82 mlrd so‘m QQSning manfiy summasi byudjetdan noqonuniy qaytargani aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 167 va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jumladan, ushbu jinoyat ishi doirasida yog‘och importi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ hisobiga 5,5 mlrd so‘m QQSning manfiy summasi byudjetdan noqonuniy qaytarilganligi holati yuzasidan Soliq qo‘mitasining 2 nafar xodimi, shuningdek, MCHJ direktori va hisobchisi hamda 2 nafar norasmiy rahbari gumonlanuvchi tariqasida tergovga jalb qilinib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Mazkur shaxslarga tegishli bo‘lgan jami 16 ta obyektda o‘tkazilgan tintuv-tergov harakatlari davomida 79 ming dollar, 161 mln so‘m, 3 ta LI 9 elektromobil, 2 ta Gentra, 1 ta Nexia-3 avtomashinasi, 1268 blokda “TEREA” nomli elektron sigaret tayoqchalari, 27 ta elektron kalitlar, shuningdek, muhr, kompyuter va telefon apparatlari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Jinoyat ishi doirasida qolgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan noqonuniy o‘zlashtirilgan byudjet mablag‘lari bo‘yicha ham tergov harakatlari davom etmoqda.