Navoiy viloyatida soxta hujjatlar asosida yer maydonini sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament.
Maʼlum qilinishicha, fuqarolar R.E. va I.K. “Navro‘z” MFYda joylashgan yer sotilishi haqida internetda eʼlonlar bergan.
Ular yer o‘ziga tegishli ekanligi haqida soxta hujjatlarni tayyorlab, fuqaro O‘.R.ning ishonchiga kirib, uning nomiga 6,5 sotix yerni rasmiylashtirib berishini vaʼda qilgan.
Buning evaziga fuqaro I.K. 325 mln so‘mni olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.