Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Sudyalar oliy maktabi negizida Odil sudlov akademiyasi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda

Shavkat Mirziyoyev sud tizimini takomillashtirish va odil sudlov masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev sud tizimini takomillashtirish va odil sudlov masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Sudlovning ochiqligi va xalqchilligini taʼminlash, raqamlashtirish orqali odamlarga qulaylik yaratish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha ko‘p masalalar o‘z yechimini kutmoqda.

Taqdimotda bu boradagi rejalar va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Odil sudlov sohasini raqamlashtirish maqsadida rivojlangan davlatlarning tajribasi asosida “Raqamli sud” konsepsiyasi ishlab chiqildi va uni izchil amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Bu korrupsiyaning oldini olish, fuqarolar va tadbirkorlarga ovoragarchiliksiz odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Tahlillarga ko‘ra, fuqarolik va iqtisodiy sudlarda ko‘riladigan daʼvolarning katta qismi nizosiz ishlarga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bois bunday masalalarni maʼmuriy organlar vakolatiga o‘tkazish taklif etilmoqda. 

Maʼmuriy va iqtisodiy sud ishlarini eksterritorial tarzda ko‘rish tartibi joriy etilishi mumkin. Sudyalikka tayinlash muddatlarini qayta ko‘rib chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Barcha yo‘nalishdagi sudlar bo‘yicha mintaqaviy taftish sudlarini tashkil etish, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlardagi taftish instansiyalarini tugatish taklifi bildirildi. Bunda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda faqatgina apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi bo‘lishi, taftish instansiyasi esa 5 ta mintaqaviy sudda tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Sudyalar oliy maktabini isloh etib, uning negizida Odil sudlov akademiyasini tashkil etish konsepsiyasi taqdimot qilindi.

Davlat rahbari bildirilgan takliflarni maʼqullab, tegishli farmonlarni imzoladi. Rejalashtirilgan vazifalar ijrosini tizimli va sifatli taʼminlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling